EKSTRЕMIZM, AQIDAPARASTLIK VA MUTAASSIBLIKNING MAZMUN- MOHIYATI | Abduganiyeva Azizaxon va Abduganiyeva Azizaxon. Работа №316549
Kalit so’zlar: Diniy ekstramizm, terrorizm, fundamentalizm, aqidaparastlik, islom dini, mafkuraviy tahdid.
Annotatsiya: Mazkur maqolada ekstrimizm,terrorizm ,aqidaparastlik va mutaassiblikning mazmun-mohiyatini tushuntirish, bugungi globallashuv sharoitda hamda xalqaro va mintaqaviy mojarolar transformatsiyasi davom etayotgan bir paytda,terrorizm va ekstrimizm tushunchalari va ularga qarshi samarali kurashish masalalari keng ilmiy yoritilgan.
Diniy ekstremizm va terrorizm kabi hodisalarning ildizlari uzoq tarixga borib taqalsa-da, ular hech qachon ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyot uchun bugungidek tahdid solmagan. Zero, hozirda diniy ekstremizm va terrorizm global xarakterga ega bo‘lib, dunyoning barcha mamlakatlari hamda mintaqalariga birdek xavf solmoqda. Shunday ekan, uning oldini olish va unga qarshi kurashish insoniyatning istiqboliga daxldor masalaga aylandi. Bu haqida O‘zbekicton Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan aytilgan quyidagi so‘zlarni keltirish muhimdir: “Dunyoviy va diniy qadriyatlar o‘rtasidagi nozik munosabatlarning mohiyatini har tomonlama to‘g‘ri tushuntirishimiz lozim. Tarix va hayot tajribasi shundan dalolat beradiki, dunyoviy va diniy qadriyatlar bir-birini to‘ldirmas ekan, bugungi kunning og‘ir va murakkab savollariga to‘laqonli javob topish oson bo‘lmaydi. Shu ma’noda, biz muqaddas dinimiz arkonlari va qadriyatlarini doimo ulug‘lab, shu bilan birga, dunyoviy hayotga ham qat’iy ishonch bilan intilib yashagan taqdirdagina o‘z ezgu maqsadlarimizga yeta olamiz” .
Diniy ekstremizm – jamiyat uchun an’anaviy bo‘lgan diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid g‘oyalarni aldov va zo‘rlik bilan targ‘ib qilishga asoslangan nazariya va amaliyotni anglatadi.
Ekstremistik qarashlarni barcha dinlarda, buddaviylik, xristianlik, islomdagi turli oqimlarda uchratish mumkin. Masalan, mutaxassislar katolik cherkovining erkin fikr yurituvchi, hukmron feodal-katolik cherkovi aqidalarini rad etuvchi kishilar – papa hokimiyati dushmanlarini ta’qib qilish uchun XIII asrda tuzilgan va minglab odamlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan inkvizitsiya faoliyatini ham ekstremizmning o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida baholaydilar. Ammo hozirda islom dini niqobi ostidagi diniy-siyosiy harakatlar a’zolari tomonidan turli jinoyatlar sodir etilayotgani jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.
Fundamentalizm – (lotincha – «asos») tushunchasining ma’nosi muayyan ijtimoiy hodisaning dastlabki ko‘rinishini anglatadi.
Diniy fundamentalizm – «ma’lum din vujudga kelgan ilk davriga qaytish va bu yo‘l bilan zamonaning barcha muammolarini hal qilish mumkin», degan fikrni ilgari surish ta’limotini anglatadi. Istilohda aqidaning o‘zgarmasligini himoya qiladigan, muayyan diniy e’tiqod shakllanishining boshlang‘ich davrida belgilangan barcha yo‘l-yo‘riqlarni qat’iy va og‘ishmay bajarilishini talab qiladigan diniy oqimlarni ifodalashda qo‘llaniladi.
Din va dunyoviy davlat orasidagi munosabat haqida gap ketar ekan, uning asosida eng avvalo dinning davlatdan ajratilishi tamoyili yotishini ta’kidlash zarur. Bu haqda Konstitutsiyamizning 61-moddasida shunday deyiladi: “Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi” .
«Fundamentalizm» atamasi aslida xristian dini bilan bog‘liqdir. Fundamentalizm iborasi birinchi bor I Jahon urushi arafasida vujudga kelgan protestantlikdagi ortodoksal oqimlarni ifodalash uchun ishlatilgan. Bu oqim 1910 yildan keyin shu nom bilan atala boshlagan. Fundamentalistlar xristianlikning an’anaviy aqidalariga, ayniqsa Bibliyaning mutlaqo mukammalligiga ishonishni mustahkamlash, uni so‘zma-so‘z sharhlashga qat’iy rioya qilishni talab qildilar. Bu oqim keyinchalik Amerikada keng tarqalib ketdi. 1919 yili Filadelfiyada Jahon xristian fundamentalistlari assotsiatsiyasiga asos solindi.
XX asrning 70-yillaridan boshlab, bu so‘z islomga nisbatan qo‘llanila boshladi. Bunda «fundamentalizm» atamasi – Qur’on va hadislarni so‘zma-so‘z talqin etuvchi, ilk islomga qaytishga qaratilgan aqidalarni targ‘ib qiluvchi diniy-konservativ ruhdagi yo‘nalishga nisbatan ishlatildi. Buning natijasida jahon matbuotlarida islom niqobidagi mutaassib jangarilarni «fundamentalistlar» deb atash ham odat tusiga kirdi.
Shunday ekan, ekstremizm yoki fundamentalizmni faqat muayyan din bilan bog‘lash mutlaqo asossiz. Xususan, islom dini, u bilan bog‘liq turmush tarzi va qadriyatlar majmui hech qachon ekstremistik tuzilmalarning go‘yo din va musulmon jamoasi ravnaqi yo‘lida amalga oshirayotgan terrorchilik xurujlarining asosiy sababi sifatida qaralishi mumkin emas.
“Mamlakatimizni demokratik tamoyillar, ilm-fan yutuqlari, yuksak texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish bilan birga, muqaddas dinimizni, milliy o‘zligimizni asrab-avaylab yashashni maqsad qilib qo‘yganmiz” . Bu fikrlar hayotiy voqelikka aylanmoqda. Islom shiorlaridan tanlab foydalanadigan, dinning asl mohiyatini buzib talqin qiladigan ekstremistik tuzilmalar xuddi yuqoridagi kabi go‘yoki, keng xalq ommasi bilan uzviy birlik mavjudligini ko‘rsatish, aslida esa jamiyatda tartibsizlik va parokandalikni yuzaga keltirish uchun mablag‘ yig‘ish, asosiy tahdid manbai sifatida odamlar ongini egallash, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali hokimiyatga erishishdek ehtiyojlarini qondirish maqsadini ko‘zlaydi.
Hozirgi davrda ko‘plab ekstremistik uyushmalar va mutaassib harakatlar turli dinlar, shu jumladan, islom, xristianlik, yahudiylik dinlari ta’limotlaridan foydalanmoqdalar.
Aqidaparastlik (arab. – «aqida» – «ishonch», «biror narsani ikkinchisiga bog‘lash») muayyan sharoitda, biron-bir g‘oyaga qat’iy ishonib, uni mutlaqlashtirish asosida shakllangan qoida va tartiblarni sharoit, holat, vaziyatni hisobga olmagan holda, ko‘r-ko‘rona qo‘llash yoki shunga urinishni anglatadi. U muayyan qonun va qoidalar ta’sir doirasini sun’iy kengaytirishga urinishda yorqin namoyon bo‘ladi.
Mutaassiblik (arab. – «g‘uluv ketish», «chuqur ketish») o‘z fikr-mulohaza va dunyoqarashi to‘g‘riligiga o‘ta qattiq ishonib, boshqa diniy e’tiqodlarga murosasiz munosabatda bo‘lishni anglatadi. Mutaassiblik barcha davrlarda turli din va yo‘nalishlar orasida keskin nizo va to‘qnashuvlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Ayni paytda, dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham diniy mutaassiblik g‘oyalarning tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu jarayonning eng xatarli jihati dinni siyosiylashtirish vositasida hokimiyatga intilish, dindan odamlar orasiga nifoq solish, qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirish va g‘arazli manfaatlarni ro‘yobga chiqarishda foydalanishga urinishlarda namoyon bo‘lmoqda.
Demak, diniy ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiysi sababi bu – mutaassib fikr va qarashlarning paydo bo‘lishidir. Mutaassiblik diniy ekstremizm va terrorizmga zamin tayyorlaydi. Shu o‘rin qayd etish joizki, ko‘p manbalarda «aqidaparastlik» so‘zi hozirgi voqelikdan kelib chiqib «mutaassiblik» so‘zi bilan almashtirilgan holda istefoda etilmoqda.
Musulmon mamlakatlari diniy ekstremizm va zo‘ravonlik muammolarini ilmiy va keng qamrovda yechish bo‘yicha amaliy ishlarni tashkil etmoqda. Jumladan, ilmiy-tekshirish institutlari va strategik markazlarda bu muammoning ilmiy-tizimli tahliliga katta e’tibor berilmoqda. Bu jarayonda har bir mamlakatda muayyan o‘ziga xosliklar kuzatilishi, tabiiy, albatta. Masalan, Indoneziyada ekstremizmga qarshi olib borilayotgan kurashda ekstremistlarning yirik vakillari, jumladan, qamoqda bo‘lgan Abu Bakar Bashir tomonidan tashkil etilgan «islom maktablari»ni yopish choralari ko‘rilayotgani bunga misol bo‘la oladi. Shuningdek, 2002 yilda Bali orolida sodir etilgan va 200 dan ortiq kishining umrini xazon qilgan portlashlarning tashkilotchilaridan biri Imom Samudra tomonidan yozilgan va jangarilik g‘oyalariga boy bo‘lgan kitoblarni bosish va tarqatish man etilganini ham qayd etish zarur.
Shuningdek, tegishli diniy ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari diniy tashkilotlarning rahbarlari etib saylanishlari, bunday lavozimga xorijiy fuqarolar nomzodlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishib olinishi belgilab qo‘yildi .
Diniy ekstremizm va terrorizm muammosi bilan duch kelayotgan musulmon mamlakatlari ushbu masalani turli xalqaro forumlarda ko‘tarish bilan dunyo jamoatchiligi diqqatini uni hal etishga qaratib kelmoqda. Shuningdek, radikal kayfiyatdagi mutaassiblar yashayotgan davlatlar bilan xavfsizlik sohasida hamkorlik qilish va jinoyatchilarni almashish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarni imzolashga ham alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, arab davlatlari o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi siyosatni tartibga solish va terrorizm muammosini arab davlatlari Ichki ishlar vazirlari majlislarining dolzarb mavzusiga aylantirish yo‘lidagi harakatlar ham shu yo‘nalishdagi ishlarning uzviy qismi hisoblanadi.
“Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi” .
Mazkur qoidada dunyoviy davlatning dinga bo‘lgan munosabatini ifodalaydigan asosiy tamoyillar o‘z ifodasini topgan:
- dindorlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilish;
- diniy e’tiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish;
- diniy qarashlarga amal qiluvchi fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash hamda ularni ta’qib qilishga yo‘l qo‘ymaslik;
- ma’naviy tiklanish, umuminsoniy axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish ishida turli diniy uyushmalarning imkoniyatlaridan foydalanish uchun ular bilan muloqot qilish yo‘llarini izlash zarurati;
- dindan buzg‘unchilik maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini e’tirof etish .
Dinni qurol qilib olgan bunday ekstremistik harakatlar bugun umuman kishilik jamiyati hayotiga jiddiy tahdid solmoqda. Zamonaviy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash davlatlarning doimiy e’tiborini, uning oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan ko‘p qirrali siyosatni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlik va sobitlikni talab etadi. Shakllanib, keng tarmoq otgan terrorizmga qarshi kurashmagan davlatlar zaiflashib, o‘z xalqi va mamlakati osoyishtaligi va barqaror rivojlanishini xavf ostida qoldiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Karimov I.A. O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikga tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari. –T.:O’zbekiston, 1997
2. Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat yengilmas kuch. –T.:Ma’naviyat, 2008.
3. Mirziyoyev Sh.M “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi” mavzusida anjumandagi nutqi.
4. Ekstremizm va terrorizm, guruxiy jinoyatchilikka qarshi kurash muammolari. (Ilmiy-amaliy anjuman materiallari) – T., 1999 y.
5. Zalolatga ketmang. Xizbut-taxrir fitnasidan ogox bo’ling. – T., Movorounnaxr, 2003
61d73a01ffbff79ee1584d975e245895.pdf